24 June 2026
Yangilik

Rossiya Fanlar akademiyasi Geofizika markazining taklifiga asosan Seysmologiya instituti direktori V.A.Ismailov va laboratoriya mudiri V.R.Yusupov 2026 yil 21–24 iyun' kunlari Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga xizmat safari amalga oshirildi.

2,450 ko‘rish Matbuot xizmati Toshkent

Safarning asosiy maqsadi “Markaziy Yevrosiyoning yuqori aniqlikdagi mintaqaviy magnit maydoni modelini yaratish” loyihasi muhokamasi, hamda “Yangibozor” geomagnit observatoriyasini INTERMAGNET xalqaro standarti darajasiga yetkazish va magnitvariasion ma'lumotlar arxivini raqamlashtirish bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilindi. Tashrif davomida Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi A.D. Gvishiani, Geofizika markazi direktori, muxbir a'zo A.A. Solov'yov, direktor o‘rinbosari B.A. Dzeboev hamda markazning boshqa ilmiy xodimlari bilan o‘tkazildi. Uchrashuvlar davomida Geofizika markazining ilmiy va texnik infratuzilmasi bilan tanishildi. Markaz muzeyiga tashrif buyurilib, uning tarixi va asosiy ilmiy yutuqlari haqida ma'lumotlar berildi. Geofizik monitoring laboratoriyasi tomonidan real vaqt rejimida ishlaydigan geomagnit stansiyalar faoliyati taqdim etildi. Shuningdek, ORBUS-PRO platformasi namoyish qilinib, mazkur tizim orqali global geodinamik jarayonlar va planetar miqyosdagi tabiiy hamda antropogen hodisalarni vizuallashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Tashrif doirasida sun'iy intellekt texnologiyalarining geofizik tadqiqotlarda qo‘llanilishi, yadroviy energetika ob'ektlarida geodinamik kuzatuvlar o‘tkazish usullari, Kavkaz hududidagi yirik geodinamik jarayonlarni geomexanik modellashtirish hamda veb-orientirlangan GIS platformalari yordamida ma'lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha ilmiy taqdimotlar tinglandi. Shuningdek, Rossiya Fanlar akademiyasi Geofizika markazi va Armaniston Milliy fanlar akademiyasi A. Nazarov nomidagi Geofizika va muhandislik seysmologiyasi instituti vakillari bilan uch tomonlama xalqaro ilmiy loyihaning bajarilish holati muhokama qilindi. Uchrashuvlarda “Markaziy Yevrosiyoning yuqori aniqlikdagi mintaqaviy magnit maydoni modelini yaratish va foydali qazilmalarni qidirish hamda qazib olish jarayonlarini geofizik jihatdan qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida erishilgan natijalar tahlil qilinib, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Muzokaralarda O‘zbekiston Respublikasidagi “Yangibozor” geomagnit observatoriyasini INTERMAGNET xalqaro tarmog‘i talablari darajasiga yetkazish, kuzatuvlar sifatini oshirish, zamonaviy monitoring tizimlarini joriy qilish, geomagnit ma'lumotlar almashinuvini rivojlantirish va arxiv materiallarini raqamlashtirish masalalari ham atroflicha ko‘rib chiqildi. 23 iyun kuni O. Yu. Shmidta nomidagi Yer fizikasi instituti direktori, fizika-matematika fanlari doktori, Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi Sergey Andreevich Tixoskiy va Yu.L.Rebesskiy ishtirokida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy loyiha muhokama qilindi. Uchrashuv davomida loyihaning asosiy maqsad va vazifalari, uni amalga oshirish mexanizmlari, ishtirokchi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari hamda kutilayotgan ilmiy natijalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Tomonlar loyihani samarali amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan tashkiliy va texnik masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Xususan, ilmiy tadqiqotlar doirasida rejalashtirilgan dala ishlarini tashkil etish, ularning geografiyasi, muddatlari va ishtirok etuvchi mutaxassislar tarkibi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, dala tadqiqotlarini o‘tkazish jarayonida ma'lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va natijalarni o‘zaro almashish tartibi ham muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida tomonlar ShHT dasturi doirasidagi mazkur loyihani yuqori saviyada amalga oshirish, ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda kelgusida qo‘shma tadqiqotlarni kengaytirish bo‘yicha o‘zaro hamjihatlik va tayyorlik bildirdilar.