10 August 2026
Yangilik

Ulan-Batorda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

2,450 ko‘rish Matbuot xizmati Toshkent

2026 yil 28–30 iyul kunlari Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida Mo‘g‘uliston Fanlar akademiyasi Astronomiya va geofizika instituti tomonidan tashkil etilgan “ANSO-MAS 2026: The 2nd Conference on Environmental Hazards in Asia – Building Resilience to Future Hazards” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi/ Mazkur nufuzli anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi G‘.O. Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti katta ilmiy xodimi Shukurov Zuxriddin Fazliddinovich faol ishtirok etdi. U konferensiyada “Assessing the Dynamic Influence of the Karjantau Active Fault Zone through Horizontal Deformation Field Analysis” mavzusida ma’ruza qilib, gorizontal deformatsiya maydoni tahliliga asoslangan ilmiy natijalarni xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etdi. Konferensiyada 20 dan ortiq davlatlardan tashrif buyurgan olimlar ishtirok etib, zilzilalar, iqlim o‘zgarishlari, tabiiy ofatlar xavfini boshqarish, kosmik va sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari hamda sun’iy intellekt asosida ma’lumotlarni tahlil qilish kabi dolzarb yo‘nalishlarda zamonaviy ilmiy yondashuvlarni muhokama qildilar Konferensiya yakunida Shukurov Z.F. Mo‘g‘uliston hududidagi Mogod, Ulziyt va Batulziy yo‘nalishlarida tashkil etilgan dala tadqiqotlarida ham qatnashdi. Xususan, Mogod hududida 1967-yildagi kuchli zilzila natijasida hosil bo‘lgan yer yorig‘i o‘rganilib, geologik tadqiqotlar ushbu hududda so‘nggi 50 ming yil davomida kamida uchta kuchli zilzila sodir bo‘lganini ko‘rsatdi. Shuningdek, Orxon daryosi bo‘ylab Janubiy Xangay vulkanik mintaqasidagi geologik jarayonlar bilan tanishildi. Mazkur safar davomida faol yer yoriqlarini o‘rganishda zamonaviy usullar — geologik, geomorfologik, tektonik, InSAR va GNSS texnologiyalarining qo‘llanilishi hamda uzoq muddatli kuzatuvlarga asoslangan seysmik xavfni baholash tajribasi o‘rganildi. Mazkur xalqaro tadbir O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutining xalqaro ilmiy maydondagi faol ishtirokini yana bir bor namoyon etdi. Shu bilan birga, konferensiya doirasida xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, grant loyihalari va tajriba almashish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.