19 August 2026
Yangilik

Ilm-fandan amaliy hamkorlikka: Markaziy Osiyoda seysmik xavflarni kamaytirish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi

2,450 ko‘rish Matbuot xizmati Toshkent

2026 yil 19 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi G‘.O.Mavlonov nomidagi Seysmologiya institutiga “Markaziy Osiyoda mintaqaviy miqyosda ofatlar xavfini kamaytirish tizimini mustahkamlash” mintaqaviy loyihasi jamoasi tashrif buyurdi. Mazkur loyiha Yaponiya Hukumati tomonidan moliyalashtirilib, BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarida amalga oshirilmoqda. Loyiha 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, tabiiy ofatlarga, xususan, zilzilalarga tayyorgarlikni kuchaytirish, javob choralari va tiklanish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, mintaqaviy hamkorlik va bilim almashinuvini rivojlantirishga qaratilgan. Uchrashuvda UNDPning iqlim va ofatlarga bardoshlilik bo‘yicha mintaqaviy jamoasi hamda Favqulodda vaziyatlar va ofatlar xavfini kamaytirish markazi (CESDRR) vakillari ishtirok etdi. Tashrif dasturiga muvofiq, Seysmologiya instituti bilan uchrashuvning asosiy maqsadi seysmik xavfni baholash, monitoring va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Muloqot davomida Seysmologiya institutining zamonaviy geodinamika va faol yer yoriqlarini o‘rganish, seysmik xavfni baholash, instrumental monitoring, seysmik mikrohududlashtirish, bino va inshootlarning seysmik zaifligini aniqlash, shaharlar seysmik riskini baholash hamda raqamli risk platformalarini yaratish bo‘yicha ilmiy va amaliy imkoniyatlari taqdim etildi. Alohida e’tibor Namangan shahri misolida seysmik riskni kompleks baholash masalalariga qaratildi. Loyihaning O‘zbekiston komponenti uchun Namangan shahri pilot hudud sifatida ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu yerda zilzila xavflari bo‘yicha xabardorlik va tayyorgarlikni oshirish, amaliy vositalarni joriy etish hamda muhim infratuzilma ob’ektlarida innovatsion yondashuvlarni sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Uchrashuvda “ilm-fandan amaliy hamkorlikka” tamoyili asosida seysmik xavf va risk ma’lumotlarini qaror qabul qilish jarayonlariga integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi. Xususan, shahar seysmik riskining raqamli platformasini rivojlantirish, riskka asoslangan seysmik mustahkamlash yondashuvlarini joriy etish, binolar va muhim infratuzilma ob’ektlarining seysmik xavfsizligini baholash hamda seysmik riskni moliyaviy boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Tomonlar ilmiy ma’lumotlar va zamonaviy raqamli texnologiyalarni ofatlar xavfini kamaytirish amaliyoti bilan uyg‘unlashtirish, mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida bilim va tajriba almashinuvini rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar. Bu yo‘nalishlar loyihaning mintaqaviy va milliy darajada zilzila xavflariga tayyorgarlikni oshirish hamda ofatlar xavfini kamaytirish sohasida barqaror bilim almashinuvi mexanizmlarini shakllantirish maqsadlariga mos keladi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha UNDP, CESDRR va G.O. Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti o‘rtasida seysmik xavflarni baholash va kamaytirish sohasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi.