25 August 2026
Yangilik

TOSHKЕNTDA MDH DAVLATLARI YOSH SЕYSMOLOGLARINING XALQARO MAKTABI BOSHLANDI

2,450 ko‘rish Matbuot xizmati Toshkent

Toshkent | 24–28 avgust 2026 yil 24 avgust kuni Toshkent shahrida MDH davlatlari yosh seysmologlari va geofiziklarining Xalqaro yosh seysmologlar maktabi — YSS 2026 o‘z ishini boshladi. Mazkur nufuzli ilmiy-ta’lim tadbiri Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning Gumanitar hamkorlik bo‘yicha davlatlararo jamg‘armasi (MFGS) hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti hamkorligida tashkil etilgan. Maktabda 9 ta davlat — O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya va Tojikistondan 40 dan ortiq yosh olimlar va mutaxassislar ishtirok etmoqda. YSS 2026 — bu nafaqat ma’ruzalar, balki zamonaviy bilim va amaliy tajriba almashish maydonidir. Maktab dasturidan: seysmik xavfni zamonaviy usullarda baholash; seysmologik ma’lumotlarni raqamli qayta ishlash va tahlil qilish; sun’iy intellekt va mashinali o‘qitish texnologiyalarini seysmologiyada qo‘llash; zilzilalarni o‘rganish va prognozlashning zamonaviy yondashuvlari; seysmik ta’sirlarni kompyuter modellashtirish; yosh olimlar o‘rtasida ilmiy tajriba va g‘oyalar almashinuvi kabi muhim yo‘nalishlar o‘rin olgan. Maktab doirasida ishtirokchilar seysmologiya va geofizika sohasining yetakchi olimlari va ekspertlari ma’ruzalarini tinglab, ilmiy muhokamalar, amaliy mashg‘ulotlar va interaktiv seminarlarda ishtirok etadilar. Shuningdek, xorijiy yosh mutaxassislar O‘zbekistonda seysmologiya fanining shakllanishi va rivojlanishida muhim o‘rin tutgan Toshkent seysmologiya observatoriyasi hamda «Yangibozor» geofizika observatoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Xalqaro hamkorlik — zamonaviy seysmologiya taraqqiyotining muhim omili. Turli mamlakatlar yosh olimlarining bir maydonda jamlanishi yangi ilmiy g‘oyalar, qo‘shma tadqiqotlar va professional aloqalarni rivojlantirish uchun muhim imkoniyat yaratadi. Zilzilalar davlat chegaralarini tan olmaydi. Shu bois seysmik xavfni o‘rganish, monitoring qilish va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishda xalqaro ilmiy hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. YSS 2026 ana shu maqsad yo‘lida yosh avlod seysmologlarini birlashtiruvchi muhim ilmiy maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.