22 September 2026
Yangilik

Xitoyning Urumchi shahrida 12-Tyanshan xalqaro zilzila fanlari simpoziumi (The 12th Tianshan International Symposium on Earthquake Sciences) bo‘lib o'tdi.

2,450 ko‘rish Matbuot xizmati Toshkent

Mazkur nufuzli ilmiy anjumanda Markaziy Osiyo davlatlari, Xitoy, Rossiya va boshqa mamlakatlarning seysmologiya, geofizika, geodeziya va zilzila xavfini baholash yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan yetakchi olim va mutaxassislari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi G‘.O. Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti direktori V.A.Ismailov, ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari I.A.Alimuhamedov va bir qator ilmiy hodimlari ishtirok etdi.
Simpoziumning ilmiy dasturidan Tyan-Shan va Pomir hududlarining geodinamikasi, faol yoriqlar, paleoseysmologiya, seysmik xavf va riskni baholash, GNSS va InSAR texnologiyalari, zilzila kataloglarini takomillashtirish hamda zamonaviy seysmologik tadqiqotlarga bag‘ishlangan ma’ruzalar o‘rin oldi. O‘zbekistonning seysmik xavfsizligi masalalari ham anjumanning muhim mavzularidan biri bo‘ldi.
Anjuman doirasida “Zilzilalarning oldini olish va tabiiy ofatlarni kamaytirish texnologiyalari bo‘yicha Xitoy-Markaziy Osiyo seminari” ham bo’lib o’tdi, ushbu seminarda Shanxay hamkorlik tashkiloti a’zolari o‘rtasida e’lon qilingan fundamental tadqiqotlar doirasida bajarilayotgan qo‘shma loyiha muhokama qilindi, yakunda ushbu tadqiqot nafaqat O‘zbekiston, Xitoy va Rossiya davlatlari o‘rtasida, balki Qozoqiston, Qirg‘iston va Tojikiston ilmiy tashkilotlarini ham jalb etish zarurligi ta’kidlandi.
Anjuman doirasida olimlar o‘rtasida tajriba almashish, Markaziy Osiyoda seysmik xavfni baholashning zamonaviy usullarini muhokama qilish va kelgusidagi xalqaro ilmiy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashga alohida e’tibor qaratildi.