Professor olim, Sobitjon Xamidovich Maksudov 80 yoshda
📅 03 Apr 2025
Agar inson ilm nuri bilan o‘z yo‘lini yoritmasa, zulmat va nodonlik ko‘chasida qoladi. Kishi qalbining nuri ilm va ma’rifat bilan baquvvat bo‘ladi. Insoniyatning qadri ilm bilan hosil bo‘ladi. Ilmdan hali hech kim zarar ko‘rgan emas. Ilmni egallab olish esa bir san’atdir.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi G‘.O.Mavlonov nomidagi Seysmologiya institutida katta bayram. Buning sababchisi o‘zining ko‘p yillik ilmiy-tashkiliy, pedagogik faoliyati bilan ilmiy jamoatchilik o‘rtasida katta obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan, institutning yetakchi ilmiy xodimi, geofizika (geomagnetizm) sohasida yetakchi mutaxassis Sobitjon Xamidovich Maksudovning tavallud topgan kunining 80 yilligi va ilmiy-pedagogik va jamoat faoliyatining 58 yilligi keng nishonlanmoqda.
Sobitjon Xamidovich Maksudov 1945-yil 29-martda Toshkentda o‘qituvchi oilasida tug‘ilgan. 1962-yilda Toshkent Politexnika institutining (hozirgi ToshDTU) geologiya-qidiruv fakultetiga o‘qishga kirdi, 1967-yilda "Foydali qazilma konlarini qidirishning geofizik usullari" mutaxassisligi bo‘yicha «Tog‘-kon muhandisi-geofizik» ixtisosligini oldi. 1967-yil oktyabr oyidan Seysmologiya institutida kichik ilmiy xodim sifatida ishladi. 1968-1971-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutining aspiranturasini Yer fizikasi institutida (Moskva), geofizika mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldi. 1972-yilda mazkur institutda "Toshkent geodinamik poligoni magmatik tog‘ jinslari xossalarini o‘rganish va tektonomagnetizm" mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 1972-1982-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutida kichik, katta ilmiy xodim, Yangibozor magnit-ionosfera rasadxonasi rahbari lavozimlarida ishladi. 1982-1985-yillarda Mozambik Xalq Respublikasida geomagnetizm bo‘yicha ilmiy maslahatchi sifatida xizmat safarida bo‘ldi. 1985-yilda u Seysmologiya institutiga qaytib katta, yetakchi ilmiy xodim lavozimlarida ishladi. 1996-yilda Seysmologiya instituti Ixtisoslashgan kengashida "O‘zbekiston geodinamik poligonlarida yer magnit maydonining o‘zgarishlari va tektonomagnetizm" mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
S.X. Maksudov 2001-2003-yillar davomida G‘.O.Mavlonov nomidagi Seysmologiya institutida ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2003-yildan 2012-yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi X.M.Abdullaev nomidagi Geologiya va Geofizika instituti rahbari bo‘lib ishlagan. 2012-yildan Seysmologiya institutiga qaytib, yetakchi ilmiy xodim bo‘lib ishladi. <br>
Uning asosiy tadqiqot yo‘nalishi geofizikaning tarmoqlari-geomagnetizm, tog‘ jinslarining magnit xossalari, zilzila darakchilarini izlash va zilzilalarni prognoz qilish muammosiga qaratilgan. Ilmiy tadqiqot natijalari 140 dan ortiq maqolalarda chop etilgan, 5 ta monografiya, 30 ta ilmiy hisobotlar hammuallifi, 25 ta ilmiy ishlari xalqaro jurnallarda, xalqaro kongresslar va simpoziumlar materiallarida chop etilgan. Bir nechta patent va avtorlik guvohnomalarining muallifi.
Uning rahbarligida 15 dan ortiq bakalavr va magistr talabalar malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari hamda 2 ta nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilindi. S.X. Maksudov O‘zbekiston geologlari Milliy qo‘mitasining a’zosi "Geologiya va mineral resurslar", "Seysmologiya muammolari" jurnallari tahririyati a’zosi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti ilmiy Kengashi, ilmiy seminar a’zosi. Ko‘p yillar davomida 04.00.06 “Geofizika. Foydali qazilmalarni qidirishning geofizik usullari” mutaxassisligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish bo‘yicha Ilmiy kengash a’zosi, ilmiy kotibi, 2023-yildan esa rais vazifasini bajarib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi idoralararo ilmiy-texnik va ekspert Kengashlarining raisi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidiumining faxriy diplomlari, O.Yu. Shmidt medali bilan taqdirlangan.
S.X.Maksudov o‘zining kamtarligi, hamkasblariga nisbatan xushmuomalaligi va hurmatli munosabati, mas’uliyat hissi va o‘z vazifalarini vijdonan bajarishi bilan ajralib turadi. G‘.O.Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti jamoasi Sobitjon Xamidovich Maksudovni samimiy 80 yosh bilan tabriklaydi va ularga sihat-salomatlik, uzoq umr, ezgu niyatlaringiz amalga oshishini chin dildan tilaymiz!