Qozogʻistonning Olmaota viloyati, Kegen tumani, Sati qishlogʻida 10-noyabr kuni geologik xavf-xatarlar va faol yer yoriqlarini oʻrganishga bagʻishlangan 10 kunlik xalqaro ilmiy-amaliy seminar oʻz ishini boshladi. Seminar Buyuk Britaniyaning Oksford universitetining xalqaro loyihasi doirasida va Qozogʻiston Milliy yadroviy markazi hamkorligida tashkil etildi. Xalqaro seminarda Buyuk Britaniya, Italiya, Gretsiya, Polsha, Chili, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻistondan 40 dan ortiq mutaxassislar, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti xodimlari ham ishtirok etmoqda.
Seminar ishtirokchilari tarixiy zilzila izlarini oʻrganish jarayonida dron, lidar va GNSS texnologiyalarini qoʻllash orqali Sati faol yer yorigʻi zonasini tadqiq etmoqdalar. Yer yorigʻi yoʻnalishiga perpendikulyar boʻlgan geologik transheya qazib, qatlamlarda kuchli zilzila qoldirgan izlarni hujjatlashtirish, qirqim xaritasini tuzish, qatlamlarning yoshini aniqlash maqsadida namunalar olish hamda 3D skaner orqali transheyaning uch oʻlchamli modellarini yaratish boʻyicha amaliy koʻnikmalarga ega boʻldilar.
Shuningdek, Sati yer yorig’i hududida geologik, geomorfologik, tektonik, geofizik va kosmogeodezik usullar orqali dala tadqiqotlari olib borilmoqda. Mazkur hududda yaqin tarixda Verniy (M=7.3, 1887), Chilik (M=8.2, 1889) va Kemin (M=7.8-8.0, 1911) kuchli zilzilalari sodir boʻlgan boʻlib, oʻzining yuqori geodinamik faolligi bilan ajralib turadi. Amaliy seminar yosh mutaxassislar uchun seysmik xavfni baholash, zamonaviy geologiya, tektonika, geofizika va kosmogeodeziya uslublarini chuqur oʻrganish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun muhim imkoniyat hisoblanadi.
Ishtirokchilar Oksford universiteti professori Richard Walker boshchiligida oʻtkazilayotgan ma'ruza va amaliy mashgʻulotlarida faol qatnashmoqdalar.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti seminar tashkilotchilariga ilmiy hamkorlik va koʻrsatilgan imkoniyat uchun oʻz minnatdorligini bildiradi.