Dunyo bo‘yicha seysmik faollik ekstremal darajaga ko‘tarilishi yuzasidan institut olimlarining jarayonlarini o‘rganishlari, ilmiy baholashlariga bag‘ishlangan davra suhbati.
📅 07 Feb 2023
2023-yil 7-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutida Dunyo boʻyicha seysmik faollik ekstremal darajaga koʻtarilishi yuzasidan institut olimlarining jarayonlarini oʻrganishlari, ilmiy baholashlariga bagʻishlangan davra suhbati boʼlib oʼtdi.
Davra suhbatida G‘. Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti, Informatsion-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish sho‘basi, Favqulodda vaziyatlar, Qurilish vazirliklari, Geologiya universiteti, Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti, Fuqaro muhofazasi instituti xodimlari, Ommaviy axborot vositalari (“Yangi O‘zbekiston”, “Narodnoye slovo”-gazetalari, Xabardor, Sevimli, O‘zReport-telekanallari, Kun.uz, Platina.uz-saytlari) muxbirlari ishtirok etishdi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, f-m.f.d., professor S. Mirzayev so‘zga chiqib, Turkiya rasmiylari Turkiyada 6-fevral kuni ertalab ro‘y bergan kuchli zilzila oqibatida nobud bo‘lgan insonlarning soni 3381 ga yetganini xabar qildilar. Urushlardan jabr ko‘rgan Suriyada vayronalar ostida qolgan insonlarni qutqarish yanada qiyin, hozircha ikki mamlakatdagi zilzilalarning jami qurbonlari soni 5000 dan oshgani xabar qilindi. Turkiya prezidenti R.Erdog‘an Turkiyada yetti kunlik motam e’lon qildi.
Turkiya va Suriyadan keyin Livan, Iordaniya, Isroil, Gruziya, Armaniston va Afg‘onistonda ham yer qimirlashi qayd etildi. Ma’lum qilinishicha, mazkur hududlarda qurbonlar qayd etilmagan, yerosti silkinishlari kuchli bo‘lmagani aytilmoqda. Livanda zilzila taxminan 40 soniya davomida sezilgan, ko‘p odamlar ko‘chalarga chiqqan. Al-Arabiya telekanali xabariga ko‘ra, Livanning qator hududlarida ehtiyot choralari doirasida ular turar-joy binolaridan odamlar evakuatsiya qilingan.
Turkiya va Suriyadagi zilzila ortidan yana 6 ta davlat Livan, Iordaniya, Isroil, Gruziya, Armaniston va Afg‘onistonda qayd etilgan yer silkinishi O‘zbekiston aholisini sarosimaga solib qo‘ydi. Ayniqsa, yurtimizdagi ko‘p qavatli binolarda yashovchi insonlarning xavotirlari ortdi.
Bugungi davra suhbatida “O‘zbekistonda kuchli zilzila sodir bo‘lish ehtimoli bormi?” degan savolga, shuningdek, zilzilani keltirib chiqaradigan sabablar, ko‘p qavatli binolarning zilzila bardoshligi nimalarga bog‘liqligi va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida fikr va mulohazalar almashish, savollarga javob topish maqsadida davra suhbati tashkil etilganini ta’kidlab o‘tdi.
Davra suhbati jarayonida so‘zga chiqqan: M. T. O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutidan F. Toshpulatov,
N. Nishanov, Seysmologiya institutidan U. Nurmatov, R. Ibragimov,
A. Ibragimovlar mamlakatimizda seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida tegishli sohalardagi bugungi kunning dolzarb muammolari, bu borada olib borilayotgan o‘zaro hamkorlik natijalari hamda chet el tajribasini amaliyotga joriy etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdirishdi.
Davra suhbati qizg‘in baxs va savol-javoblarga boy ruhda o‘tdi.