Suv omborlari xodimlarini seysmik xavflarni kuzatish va baholash bo‘yicha malakaviy bilimlari va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi
📅 04 May 2023
Joriy yilning 2-3-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi G‘.O.Mavlonov nomidagi Seysmologiya institutida “O‘zbekgidroenergo” AJ tasarrufidagi suv omborlari xodimlarini seysmik xavflarni kuzatish va baholash bo‘yicha malakaviy bilimlari va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlarning dastlabki bosqichi o‘tkazildi.
O‘quv mashg‘ulotlari Jamiyat Ijro apparati Suv omborlaridan samarali va xavfsiz foydalanishni tashkil etish boshqarmasi, “Gidrotexmonitoring” MJCH va Seysmologiya instituti mutaxassislari tomonidan tashkil etilib, unda Jamiyatning Andijon, Chorvoq, Hisorak va To‘polon suv omborlarining hamda “Gidrotexmonitoring” MJCHning 2 nafardan seysmolog mutaxassislari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga maʼruzachilar tomonidan seysmologiya tarixi, zilzila sodir bo‘lishi sabablari hamda ularning turlari, seysmik uskunalar, suv omborlari to‘g‘onlariga zilzilalarning taʼsiri hamda zilziladan so‘ng yirik to‘g‘onlardagi xavflarni va seysmik kuchlanishlarni tahlil qilish usullari tushuntirib o‘tildi.
Ikkinchi bosqichda soha mutaxassislari tomonidan Jamiyat boshqaruvidagi har bir suv omboriga tashrif buyurgan holda 5 kunlik amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda suv ombori to‘g‘oniga o‘rnatilgan seysmik uskunalar tomonidan olinayotgan maʼlumotlarni olish, qayta ishlash hamda tahlil qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.