Saylov – 2023: erkin saylovlar fuqarolik jamiyatining asosiy belgisi

📅 06 Jul 2023

Joriy yilning 9-iyul kuni mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon — muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi G‘. O. Mavlonov nomidagi Seysmologiya institutida saylov jarayonlarida xodimlarning faol ishtiroklarini ta’minlash maqsadida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda saylov jarayonining tashkil etilishi va unda ko‘rsatilgan nomzodlar bilan birma-bir tanishtirib o‘tildi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Seysmologiya instituti direktori v.v.b. V.Ismailov, institut xodimlari K. Abdullabekov, A. Tuychiyev, Sh. Masharipov,
G. Yuldasheva, D. Usmanova va boshqalar saylov kuni o‘z fuqarolik burchlariga tayangan holda ko‘tarinki ruhda saylov jarayonlarida ishtirok etishlarini bildirdilar.
Tadbir savol-javoblarga boy, ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yangilangan Konstitutsiyaning 128-moddasida mamlakat Prezidentiga berilgan vakolatdan foydalanib, muddatidan ilgari prezidentlik saylovini o‘tkazish haqidagi muhim farmonni imzolagan.

“Bunday qarorga kelish uchun qanday obyektiv zarurat bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Nima uchun qolgan uch yarim yillik Prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusim bilan voz kechyapman? Chunki o‘zingiz ko‘rib turibsiz, Asosiy qonunimizga muvofiq, birinchidan, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari isloh qilinib, ular o‘rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o‘zgarmoqda”, deydi Mirziyoyev.
“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 110- va 128-moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 66-moddasiga asosan 2023-yil 9-iyul kuniga muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi tayinlandi.
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekistonda joriy yilning 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi kampaniyasiga 10-maydan start berilganini ma’lum qildi.
Joriy yilning 15-mayigacha siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etish uchun Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlar taqdim etishi kerakligi, saylovga 52 kun qolgandan, ya’ni 17-maydan boshlab 38 kun qolguniga (1-iyun) qadar bo‘lgan davr prezidentlikka nomzod ko‘rsatish uchun ajratilgani aytilgan edi.
Siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etish uchun quyidagi nomzodlar ro‘yxatini ko‘shrsatishdi:

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Xudoyqulovich Xamzayev

11-may kuni birinchilardan bo‘lib, O‘zbekiston Ekologik partiyasi prezidentlik saylovi uchun o‘z nomzodini ko‘rsatdi. Unga ko‘ra, Abdushukur Xudoyqulovich Xamzayev Ekologik partiyadan Prezidentlik uchun kurashadi.
Abdushukur Xamzayev 1973-yil Surxondaryo viloyati Uzun tumanida tug‘ilgan. 1996-yilda Samarqand qishloq xo‘jaligi institutini, 2013-yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor.

Mehnat faoliyatini Surxondaryo viloyati Uzun tumani “Namuna” jamoa xo‘jaligida agronom sifatida boshlagan. Samarqand qishloq xo‘jaligi institutida o‘qituvchi, dekan o‘rinbosari, prorektor bo‘lib ishlagan. 2017-yildan O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari – O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori vazifasini bajargan.

Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Ilyosovich Inoyatov.

12-may kuni Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga kim da’vogar ekani ma’lum bo‘ldi. Partiyadan Ulug‘bek Ilyosovich Inoyatov prezidentlikka nomzod sifatida taqdim etildi.
Inoyatov 1962-yilda tug‘ilgan. 1985-yilda Toshkent politexnika institutini tugatgan, 1998-yilda Toshkent moliya institutini tugatgan. 1985-1993-yillarda Toshkent politexnika institutida assistent, aspirant vazifalarida faoliyat yuritgan.
1993-1999 -illarda Toshkent arxitektura-qurilish institutida dekan muovini, dekan, 1999-2003-yillarda Toshkent moliya-iqtisod kolleji direktori,
2003-2006-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi, 2011-2013-yillarda Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori kabi vazifalarda faoliyat olib borgan. 2013-2018-yillarda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, 2018-2019-yillarda Namangan davlat universiteti rektori vazifalarida ishlagan. 2019-yildan O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi. 2020 yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, spiker o‘rinbosari vazifasida ishlab kelmoqda.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan
Robaxon Mahmudova Anvarovna.

12-may kuni O‘zbekiston prezidentligiga uchinchi nomzod ham ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari Robaxon Mahmudova Anvarovna nomzodi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan.

Robaxon Mahmudova 1958-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. 2017-2020- yillarda O‘zbekiston Prezidentining Farg‘ona viloyatidagi Xalq qabulxonalari mudiri lavozimida ishlagan. 2020-yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatori, Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi etib saylangan. Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 13-iyuldagi qarori bilan Robaxon Mahmudova O‘zbekiston Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari etib saylangan. 2020-yil 6-martda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
Robaxon Mahmudova Prezidentlikka o‘z nomzodini ko‘rsatganidan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Mahmudovaning sudyalik vakolatlari to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Qonunchilikka ko‘ra, sudya siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli emas. Shu sababli Sudyalar oliy malaka hay’ati Mahmudovaning arizasi va sud qonunchiligiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari – ma’muriy sudlov hay’atining raisi Robaxon Mahmudovaning sudyalik vakolatlarini to‘xtatib turish haqida qaror qabul qilgan.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi 12-may kuni amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev prezidentlik poygasiga qo‘shilganini ma’lum qildi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957-yil 24-iyul kuni Jizzax viloyati Zomin tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1981-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida boshlagan.

1990-yil Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, bir vaqtning o‘zida Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan. 1992-yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani, 1996-2001-yillarda Jizzax viloyati hokimi lavozimlarida faoliyat olib borgan. 2001-2003-yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlagan.U 2003-yilda O‘zbekiston Bosh vaziri etib tasdiqlandi va 2005-, 2010-, 2015-yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan ushbu lavozimga yana uch marta qayta tasdiqlangan.

2016-yil 2-sentabrda Prezident Islom Karimovning vafot etishi munosabati bilan Oliy Majlis Mirziyoyevni Birinchi Prezident dafn marosimini o‘tkazish bo‘yicha komissiyaga rais etib tayinlanadi.

2016-yil 8-sentabrda Prezident vazifasini bajaruvchi, Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev mamlakat rahbari vazifasini vaqtincha bajarish mas’uliyatini o‘zidan soqit qilib, o‘rniga Mirziyoyevni tavsiya qildi. 2016-yil
19-oktabr kuni O‘zbekiston Liberal Demokratik Partiyasining VIII s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya siyosiy kengashi a’zosi Shavkat Mirziyoyevni Prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.
2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi yakunlari bo‘yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 24-oktabrda 2-muddatga o‘z nomzodini ko‘rsatgan edi. Mirziyoyev saylovda 80,12 foiz ovozi bilan O‘zbekiston Prezidenti etib qayta saylandi.