Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni-2023
📅 26 Jul 2023
“Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar ichida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasidan fizika-matematika fanlari doktori, akademik Qahhorboy Nosirbekovich Abdullabekov ham bor.
“Bu mukofotni aynan 60 yillik mehnat faoliyatim arafasida olayotganimdan juda baxtiyorman,”- deb ta'kidlab o‘tdi у.
Qahhorboy Nosirbekovich Abdullabekov 1942-yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1963-yilda Toshkent politexnika instituti (hozirgi ToshDTU) tugatgan.
1968-yildan hozirgi vaqtgacha O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutida kichik ilmiy xodim, aspirant, katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, 1989 – 2009-yillarda instituti direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2009-yildan esa “Seysmogen jarayonlar fizikasi” laboratoriyasi mudiri.
Yer fizikasi institutida (Moskva) 1972-yilda “Seysmik faol rayonlar yer qobig‘idagi elastik kuchlanishlar bilan bog‘liq geomagnit maydon o‘zgarishlarni o‘rganish mavzusida nomzodlik, 1988-yilda "O‘zbekiston yer qobig‘ida seysmotektonik jarayonlar bilan bog‘liq elektromagnit hodisalar" mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan, fizika-matematika fanlari doktori, professor. 1994-yil O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir-a'zosi, 2000-yil haqiqiy a'zosi etib saylangan.
Uning tadqiqotlari elektromagnit darakchilarni namoyon bo‘lish qonuniyatlarini aniqlashga, zilzilalarni prognoz qilish usullarini ishlab chiqish, zilzilalarni tayyorlanish jarayonlarini geofizik modelini ishlab chiqish, seysmik xavfni baholash, tabiiy ofatlar zararini kamaytirish, aholini favqulodda vaziyatlarga tayyorlashga yo‘naltirilgan. K. N. Abdullabekov rahbarligida O‘zbekistonda zilzila darakchilarini kuzatish tizimi yaratildi, geoelektromagnit maydonlarni keng ko‘lamli eksperimental va instrumental tadqiqotlari o‘tkazildi.
Qahhorboy Nosirbekovich Abdullabekov jahon ilmiy jamiyati tomonidan tan olingan Seysmoelektromagnit hodisalar bo‘yicha ilmiy maktab yaratdi. Uning rahbarligida 8 ta nomzodlik va 5 ta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan. 2000-2011-yillar A. Beruniy nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti “Gidrogeologiya va geofizika” kafedrasi o‘rindosh mudiri bo‘lgan. “Geologiya va mineral resurslar” jurnali tahririyati a'zosi, O‘z FA “Seysmologiya muammolari” jurnali bosh muharriri, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Fanlar akademiyasining Seysmologik va seysmoprognostik monitoring hamda seysmik xavfdan himoya sohasidagi idoralararo ilmiy-texnik kengashi raisi, Seysmologiya instituti qoshidagi 04.00.06-Geofizika. Foydali qazilmalarni qidirishning geofizik usullari ixtisosligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalari himoya qilinadigan Ilmiy kengash raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Qahhorboy Nosirbekovich Abdullabekov tadqiqotlari ko‘plab chet davlatlar ilmiy markazlari olimlari tomonidan tan olingan. U Osiyo Xalqaro seysmologik komissiyasi a'zosi, MDHning tabiiy va texnogen xarakterdagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Davlatlararo Kengashining Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va oqibatlarini tugatish bo‘yicha Ilmiy kengash raisi o‘rinbosari,
1990-2009-yillarda Geofizika sohasida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy Ixtisoslashgan kengash raisi bo‘lgan.<br>
Qahhorboy Nosirbekovich Abdullabekov 400dan ortiq ilmiy ishlar (ulardan 142 tasi xorijda), 18 ta monografiya, ulardan biri « Электромагнитные явления в земной коре» (1989) 1990-yilda Xitoy Xalq Respublikasida xitoy tilida va
1991-yilda Gollandiyada ingliz tilida chop etilgan, ixtiro uchun 9 mualliflik guvohnoma va patentlar, 3 ta o‘quv qo‘llanmalar muallifi.
Qahhorboy Nosirbekovich Abdullabekov ko‘p yillik ilmiy-tashkiliy, pedagogik faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga ko‘ra
2019-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Ilmiy jamoatchilik o‘rtasida katta obro‘-e'tiborga sazovor.
Qahhorboy Nosirbekovich Abdullabekov butun vujudi vijdonlilik, halollik, donishmandlik bilan nafas olayotgan inson. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi G‘.O.Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti jamoasi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan ustozni tabriklaydi. Biz, Seysmologiya instituti jamoasi Qahhorboy Nosirbekovichga sihat-salomatlik, uzoq umr, ezgu niyatlaringiz amalga oshishini chin dildan tilaymiz!