“Yangibozor geofizik ilmiy-tadqiqot observatoriyasi” laboratoriyasi
Laboratoriya mudiri – Saydig‘ani Abduraximovich Egamberdiev, fizika-matematika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim
Magnit-ionosfera observatoriyasining tashkil etilgan yili. Magnit-ionosfera observatoriyasi 1868 yili “Toshkent fizik observatoriyasi” nomi bilan tashkil etilgan va 1876 yildan geofizik yo‘nalish olgan. 1924 yili “Ilmiy-tadqiqot geofizik observatoriyasi” maqomini oldi. Stansiya 1936-yili Keles posyolkasiga, 1963-yili esa Parkent tumaniga ko‘chirilgan. 1956 yildan observatoriya Aloqa vazirligining Respublika radio markazi, 1959 yildan O‘zR FA matematika instituti, 1963 yildan Yadro fizikasi instituti tarkibida faoliyat ko‘rsatgan. 1966 yil Seysmologiya instituti tarkibiga kiradi. 2003 yildan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan noyob ilmiy ob’ekt maqomida faoliyat olib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 12 fevraldagi 84-qaroriga asosan “Yangibozor geofizik ilmiy-tadqiqot observatoriyasi” laboratoriyasi maqomi berildi.
Observatoriyaning asosiy yo‘nalishi va vazifalari. Elektromagnit maydon, tabiiy elektromagnit nurlanishlar, radon miqdori o‘zgarishlari hamda gidrodinamik parametrlar bazasini zamonaviy texnologiyalar asosida va xalqaro tajribani o‘rgangan holda tahlil qilish; Er magnit maydoni to‘liq vektori hamda tashkil etuvchilarining asriy va anomal o‘zgarishlarini tizimlashtirish. Ajratilgan anomal o‘zgarishlarning xususiyatlarini o‘rganish va tahlil qilish. Elektrotellurik maydon (ETM)ning 2 ta - meridional va kenglik yo‘nalishlaridagi tashkil etuvchilarining o‘zgarishlarini uzluksiz kuzatish ma’lumotlarini qayta ishlash va tahlil qilish. Har bir tashkil etuvchisining zilzila darakchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan anomal variatsiyalarini ajratish va ularning xususiyatlarini batafsil o‘rganish; Tabiiy elektromagnit maydon nurlanishlar parametrlarining manzarali pelengatorning 8 ta sektori bo‘yicha o‘zgarishlari ma’lumotlarini qayta ishlash va tahlil qilish. Har bir sektordan olingan ma’lumotlar asosida kelayotgan impulslarning anomal o‘zgarishlarini ajratish va ular asosida zilzila darakchilarining aniqlash hamda ularning tabiatini o‘rganish; Zilzila parametrlari va elektrotellurik maydon (ETM)ning tashkil etuvchilarining hamda tabiiy elektromagnit maydon nurlanishlar darakchilarining namoyon bo‘lish o‘rtasidagi empirik bog‘liklarni aniqlash. Zilzilaning tayyorlanish jarayonida elektrotellurik maydon (ETM)ning tashkil etuvchilarining va tabiiy elektromagnit maydon nurlanishlar parametrlarining o‘zgarishlarining seysmik hodisalarga bog‘liq bo‘lgan lokal anomaliyalaring shakllanish mexanizmini aniqlash; Elektromagnit impulslar intensivligi (EMI)ni SDV-KV (2 va 12 kGs) chastotalar diapazonidagi meridional va kenglik yo‘nalishlarida o‘zgarishlarini uzluksiz (1 soatli rejimda) kuzatish natijalarini tahlil qilish va EMI soni va amplitudalarining o‘rtacha qiymatlari variatsiyalari anomaliyalarining tabiatini o‘rganish hamda zilzila darakchilarini ajratish va ularning xususiyatlarini mukammal o‘rganish; Havodagi radon gazi miqdori va skvajinadagi suv sathi o‘zgarishlarining uzluksiz kuzatish ma’lumotlarini tahlil qilish, qayd etilgan anomaliyalarning tabiatini o‘rganish va zilzila darakchilarini aniqlash va ajratish. Er yuzasi xarakatlarini uzluksiz global pozitsion stansiya (JPS) yordamida o‘lchash va tahlil qilish; Er osti suvlarining harorati va sathi o‘zgarishlarini kuzatib borish; Atmosfera bosimi, havoning namligi va haroratini uzluksiz kuzatib borish.
Observatoiyaning ilmiy yutuqlari. Laboratoriya arxivida magnit maydoni 7 ta tashkil etuvchilari va K-indeksning 1925-yildan buyon magnito - variatsion kuzatuvi natijalari, ionosferanining 14 parametri soatlik qiymatlari va grafiklarining 1969-yildan, kosmik nurlar oqimining 1974-yildan, elektrotellurik maydonning 1982-yildan, elektromagnit impulslar intensivligi o‘zgarishlarining 1973-yildan, atmosfera elektr maydonining 1992-yildan, er sirti og‘ishlarining 1972-yildan boshlab o‘zgarishlari magnitogrammalar, jadvallar, fotoplenkalar va lentalar shaklida saqlanmoqda.
Observatoriyaning 150 yil davomida erishgan yutuqlari quyidagilardan iborat:
- Magnit kuzatuvlari tayanch punktlari tarmoqlarida magnit maydoni tashkil etuvchlarining asriy variatsiyalari xususiyatlari o‘rganildi;
- "O‘rta Osiyo Er magnetizmi elementlarining asriy yurishlari haqida ma’lumotlar" magnit xaritasi ishlab chiqildi; - Geomagnit maydonning barcha tashkil etuvchlarining 1870-yildan boshlab kuzatuv ma’lumotlari elektron bazasi yaratildi;
- Birinchi marta O‘rta Osiyo bo‘yicha magnit burilish burchagi (D), gorizontal tashkil etuvchi (N) va magnit og‘ish burchaklari (J)ning asriy o‘zgarishlari xaritasi tuzildi. Observatoriya xodimlari tomonidan Oloy -1974, Gazli -1976- va 1984-yillar, Isfara-Batken - 1977, Tavaqsoy -1977, Nazarbek -1980, Chimyon-1982, Pop-1984, Qayroqum-1985, Spitak-1988-yil zilzilalari epitsentral zonalariga maxsus ekspeditsiyalari uyushtirildi.
- Observatoriya planetar geofizika muammolari bo‘yicha quyidagi o‘nlab xalqaro eksperimentlarda ishtirok etdi: 1957-yildan xalqaro geofizika yili, 1969-yildan faol Quyosh yili, 1974-yildan sokin Quyosh yili, 1984-yildan MASSA, 1989-yildan SSMGE va boshqalar.
Observatoriya faoliyati davomida olingan bu ma’lumotlar 3ta doktorlik va 6ta nomzodlik dissertatsiyalari yozilishiga hamda bir necha fundamental va amaliy grantlarning bajarilishiga hamda 150 dan ortiq ilmiy maqola va 3 ta monografiya nashr qilinishiga eksperimental asos bo‘ldi. Hozirgi kunda ham observatoriyada uzluksiz kuzatuv ishlari olib borilmoqda. Olingan natijalar har hafta Idoralararo ekspert komissiyasiga va "Seysmoprognostik ma’lumotlarni kompleks taxlil qilish"laboratoriyasiga yuborilmoqda.
Ilmiy tajriba observatoriyaning asosiy vazifalari