📞 +998 71 241-74-98
logo

📘 “Seysmologiya muammolari” jurnalida chop etiladigan maqolalarga talablar

I. Umumiy qoidalar
«Seysmologiya muammolari» ilmiy jurnali o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan seysmologiya, seysmik rayonlashtirish va seysmik xavfni baholash, zilzilalarni prognozlash, seysmotektonika va geodinamika, muhandislik seysmologiyasi ilmiy yo‘nalishlari bo‘yicha bajarilgan nazariy, amaliy va metodologik va eksperimental izlanishlar natijalarini chop etishga qaratilgan. Shu bilan birga seysmometrik va seysmoprognostik monitoring natijalarini, texnogen seysmiklik muammolarini yechishga qaratilgan yirik ilmiy natijalarni, ilmiy anjumanlar natijalariga, ilmiy monografiyalar tahliliga qaratilgan maqolalarni chop etadi. Chop etishga taqdim etilgan maqolalar jurnalning rasmiy talablariga javob berishi, xolis taqrizdan o‘tishi va tahririyat tavsiyasini olishi lozim. Maqolani chop etish qarori keltirilgan ma’lumotlarning ilmiy ahamiyati, dolzarbligi va ilmiy asoslanganligiga qarab qabul qilinadi. Tahririyat tomonidan ma’qullanmagan maqolalar chop etilmaydi va muallifga qaytarilmaydi. Maqola matni quyidagi qismlardan: maqola nomi, muallif (mualliflar) haqidagi ma’lumotlar, asosiy qism, tashakkur va havolalardan; asosiy qism: annotatsiya va kalit so‘zlar (o‘zbek, rus va ingliz tillarida), kirish, izlanishlar predmeti va obyekti, birlamchi ma’lumotlar va izlanish uslublari, asosiy natijalar, muhokama va xulosalardan tashkil topishi kerak. Maqola matni ekspert xulosasi (rahbar imzosi va muhr bilan tasdiqlangan holda) bilan birga topshiriladi.
II. Maqolalarni rasmiylashtirishga qo‘yiladigan talablar
Sarlavxa. Birinchi betda universal o‘nlik kod UDK (maqola nomining yuqori chap burchagida) ko‘rsatilishi kerak. Imkon qadar sarlavhada qisqartishlar va formulalar bo‘lmasligi kerak. . Mualliflarning F.I.Sh., ishlaydigan tashkilot nomi. Barcha mualliflar haqida to‘liq ma’lumot keltirilishi shart. Mualliflarning ismi, familiyasi va otasining ismi bosh harflar bilan yoziladi va raqamli havola orqali ishlash joylari, manzili aniq keltiriladi. Yulduzcha orqali elektron manzil, yoki pochta manzili ko‘rsatiladi. Annotatsiya: Annotatsiyada ishning maqsadi, qo‘llanilgan uslublar va asosiy natija qisqa va tushunarli keltirilishi shart. Havolalar, nostandart va kam qo‘llaniladigan qisqartishlar va boshqa tushunarsiz iboralar bo‘lmasligi kerak. Tayanch so‘zlar 5 tadan kam va 15 tadan ko‘p bo‘lmasligi va ishga taalluqli bo‘lishi kerak. Umumiy, noaniq atamalar va tushunchalardan foydalanish tavsiya etilmaydi. Kirish qismida ko‘rilayotgan muammoning zarurati va dolzarbligi, hamda uning seysmologiya muammolarini hal qilishdagi ahamiyati yoritilishi kerak. Ishning maqsadi, izlanishlar uslub(lar)i, kerakli manbalarga havolalar, so‘nggi yillarda chop etilgan ishlar va ularning izohlari keltirilishi lozim. Izlanish predmeti va obyektlari, ma’lumotlar bazalari va izlanish uslublari. Izlanish yoki tajriba obyektlarining tabiiy sharoitlari, ishlatilayotgan ma’lumotlar, uslublar va asosiy natijalar qayd etiladi. Olingan natijalarni asoslovchi omillar, qo‘llanilgan uslublarga havolalar keltiriladi. Asosiy natijalar: Izlanishlar yoki tajribalar natijalari keltiriladi, natijalarni solishtirishda ularning mazmuni tushuntirilmaydi. Natijalar aniq va qisqa bo‘lishi lozim. Muhokama. Muhokama qismida olingan natijalarni asoslanganligi, muhimligi, qo‘yilgan maqsadga yo‘naltirilganligi haqidagi ma’lumotlar avvalgi qismni takrorlamagan holda keltiriladi. Isbotlanishi rejalashtirilgan farazlar tasdiqlanganligi yoki ishonchliligi kamroq bo‘lgan faktlar bilan tasdiqlanganligi haqidagi ma’lumotlar keltiriladi. Ushbu yo‘nalishda kelgusida olib borilishi kerak bo‘lgan izlanishlar haqidagi takliflar keltiriladi. Xulosa. Ishning oxirida izlanish natijasida olingan asosiy ilmiy yoki amaliy natija aniq va qisqa ifoda etilish lozim. Tashakkurlar. Lozim bo‘lgan hollarda maqolani tayyorlashga yordam bergan, muzokaralarda qatnashib tavsiyalar bergan insonlarga minnatdorchilik izhor etishlari mumkin. Foydalanilgan adabiyotlar: Maqolani tayyorlashda foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati keltiriladi. Maqola havola qilingan har bir adabiyot ro‘yxatda bo‘lishiga alohida e’tibor beriladi.
III. Maqola matniga bo‘lgan texnik talablar
Maqola matni standart A4 formatli qog‘ozga 1,5 intervalda joylashtirilishi lozim. Har bir bet quyidagicha: yuqori va pastdan 2 sm, chapdan 3sm, o‘ngdan 1,5 sm xoshiyaga ega bo‘lishi kerak, so‘z boshi teng o‘lchamli – 1,27 sm bo‘lishi lozim. Matnni kompyuter orqali yozganda «Microsoft Word» matn muharriri, shrift «Times New Roman» 14 kegl bo‘lishi taklif etiladi. Maqolaning umumiy xajmi (foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati, jadvallar va rasmlar bilan) 16 betdan oshmasligi lozim. Ushbu xajmdan ortib ketgan maqolalar tahririyat xulosasi va tavsiyasiga ko‘ra chop etilishi mumkin. Matnda keltirilgan matematik ifodalar maqola bo‘yicha uzluksiz ketma-ketlikda raqamlanadi. Matnda faqatgina havolali ifodalar raqamlanadi. Raqamlar ifoda keltirilayotgan qatorning o‘ng tomonida qo‘yiladi (1, 2 va hokazo). Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati avval o‘zbek tilidagi (kiril alifbosida) va rus tilidagilari, so‘ngra ingliz tilida (yoki o‘zbek tilida lotin alifbosida) keltiriladi. Manbalarning bibliografik ma’lumotlari qabul qilingan standart asosida, avval alfavitlar tartibida, so‘ngra xronologik tartibda shakllantiriladi. Maqola matinida havolalar kvadrat qavsda muallif va chop etilgan yil qo‘rsatilgan holda keltiriladi. Bir nechta manbaalar avvaliga xronologik tartibda so‘ngra alfavit tatibida qo‘yilishi kerak [Ivanov, 2007; Petrov v.b., 2008; Seysmologiya …, 2010]. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan so‘ng rus tilidagi (yoki o‘zbek tilidagi) va ingliz tilidagi annotatsiya va kalit so‘zlar keltiriladi. So‘ngra bibliografiyada keltirilgan adabiyotlarning inglizcha tarjimasi o‘zbek va rus tillarida keltiriladi. Tarjimada faqat maqolaning inglizcha nomi, adabiyotdagi boshqa ma’lumotlar lotin grafikasida taqdim etiladi.
IV. Jadvallar, rasmlar va grafiklarning keltirilishi
Jadvallar A4 formatdagi standart qog‘ozda, qatorda 1,5 intervalda, «Microsoft Word» matn muharririda, «Times New Roman» 12 kegl shriftida keltirilishi taklif etiladi. Jadvallar arab raqamlari bilan raqamlanib jadvalning nomi uning tartib raqamidan so‘ng yoziladi. Jadvaldagi har bir ustun nomlanishi va vertikal chiziqlar bilan ajratilgan bo‘lishi lozim. Rasmlarda keraksiz tafsilotlar, yozuvlardan foydalanmaslik maqsadga muvofiq (tafsilotlarni rasm nomida va matnda keltirilgan raqamlar yoki harflar bilan belgilash tavsiya etiladi). Grafiklardagi chiziqlar aniq (5-6 pikselda) bo‘lishi kerak. Grafiklarni tayyorlashda raqamlar va yozuvlar «Times New Roman» 9-10 kegl da yozilishi kerak. Rasmlarning kengligi -180 mm dan, balandligi -240 mmdan oshmasligi lozim. Rasmlarning nomlari «Times New Roman» 12 kegl shrifti va intervalda 1,5 qatorda keltirishi kerak. Yaqin kelajakda jurnalni xalqaro ma’lumotlar bazasida indeksiyalangan, RINTS va Scopus kabi, nufuzli jurnallar qatoriga kiritish rejalashtirilgan. Shuning uchun o‘zbek tilidagi maqolalarda jadvallar, sxemalar, rasmlar va grafiklar nomi rus va ingliz tilida yozilishi lozim (rus tilidagi maqolalarda – ingliz tilida).
V. Adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish uchun namuna
ADABIYOTLAR 1. Gvozdev A.G., Yefremov O.A., Danilchuk M.T. i dr. O fizicheskix protsessax v dielektrikax// Izvestiya RAN, ser.fiz.-tex.nauk.- Moskva,2003.- №10.-S.12-43. 2. Tompson R. Differensialnie igri. - M: Mir- 1989.- t.2.- 347 s. 3. Rakilova A.P. O sposobe priblizitelnogo resheniya nekotorix singulyarnix uravneniy// Metodi resheniya singulyarnix uravneniy - M: Nauka.- 1976.- S. 185-192. 4.Nazarova N.A., Pak A.V., Ivanova V.A. Seysmotektonicheskiye usloviya vozniknoveniya silnix zemletryaseniy // Trudi Sibirskogo filiala Instituta Fiziki Zemli, 2010. – Sverdlovsk. Vip. 12(257). – S. 55-63. Elektron resurs: EDB (Eurasian Development Bank): Impact of Climate Change to water resources in Central Asia, Almaty, Kazakhstan, 44 p. [Elektronniy resurs] URL:http://www.vinokurov.info/assets/files/EDB%20Report%206%20climate%20eng.pdf, 2009 (data obrasheniya 20.01.2019).
VI. Plagiatga tekshirish
«Seysmologiya muammolari» ilmiy jurnali taqdim etilgan qo‘lyozmani chop etishdan oldin uni o‘ziga xosligini tekshirib ko‘radi. Qo‘lyozmani ushbu jurnalga mualliflar qo‘lyozmani plagiatga tekshirilishiga rozili beradilar.
VII. Maqolani qabul qilish tartibi
1. Barcha ma’lumotlar elektron pochta orqali qabul qilinadi. 2. Mualliflar bilan aloqa elektron pochta orqali amalga oshiriladi. 3. Ilmiy jurnalda chop etish uchun taqdim etilgan maqolalar taxririyat tomonidan ekspertlarga taqriz uchun beriladi. 4. Ijobiy taqriz olgan ilmiy maqolalar jurnalning navbatdagi sonida chop etiladi. 5. Kamchiliklari mavjud ilmiy maqolalar taqrizchi izoxlari bilan muallifga qayta ishlash va to‘ldirish uchun jo‘natiladi va qaytadan chop etish uchun ro‘yxatdan o‘tkaziladi. 6. Ilmiy jurnal yo‘nalishiga to‘g‘ri kelmaydigan maqolalar chop etilmaydi va muallifga qaytarilmaydi.
Illyustratsiyalar
image
image
image